Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


24.08.2023

O‘zRVB va Refinitiv o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

O‘zbekiston respublika valyuta birjasida (O‘zRVB) Turkiya, Grеtsiya va MDH mamlakatlari mijozlari bilan ishlash yo‘nalishi direktori Alev Alp Esen xonim boshchiligidagi London fond birjasi guruhiga kiruvchi “Refinitiv” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida O‘zRVB va “Refinitiv” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikning joriy holati, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rejalar, xususan, “Refinitiv” platformasi orqali O‘zRVB birja ma’lumotlari (market-data)ni  uzatish, barqaror rivojlanish siyosati sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zRVB Bosh direktori Rashid Usmonov kompaniya vakillarini O‘zRVB faoliyati, birjada joriy etilayotgan yangi texnologik yechimlar va istiqbolli rivojlanish rejalari to‘g‘risida tanishtirdi.

Shuningdek, u investitsiyalarni jalb qilish va qulay investitsiya muhitini yaratish uchun infratuzilmani yanada takomillashtirish va birja instrumentlar qamrovini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar hamkorlikning keyingi bosqichlari to‘g‘risida kelishib oldilar va muntazam ikki tomonlama amaliy muhokamalar asosida yanada yaqinroq aloqa kanallarini o‘rnatish, birja bozori ishtirokchilari uchun, shu jumladan, xatarlar, komplaens va ESG masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etish zarurligini ta’kidladilar.

“Refinitiv" vakillari, shuningdek, London fond birjasida yangi texnologik yechimlar joriy etilayotgani, O‘zRVBning axborot-tahliliy sohasida tajriba almashish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lumot uchun. 2020 yil avgust oyidan boshlab Eikon axborot-tahliliy platformasida yaratilgan O‘zRVB sahifasida doimiy ravishda O‘zRVB bozorlari va faoliyati to‘g‘risidagi avtomatik yangilanadigan ma’lumotlar joylashtirib kelinadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “Refinitiv” terminalida O‘zRVB sahifasini yanada takomillashtirish, uni xalqaro moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida kengroq tanitish, O‘zRVB tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar hajmini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash