Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
17.11.2026
O‘zRVB Bank of Georgia va The Bank of New York Mellon bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB)da JSC Bank of Georgia va The Bank of New York Mellon banklari vakillaridan iborat qo‘shma delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning asosiy mavzulari o‘zaro hamkorlikning joriy masalalari va istiqbollari, jumladan, O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi hamkorlikdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zRVB tomonidan tegishli tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari ishtirok etdi. Qo‘shma delegatsiya tarkibida JSC Bank of Georgia bankining global bank biznesi yo‘nalishida hamkorlar bilan ishlash bo‘limi rahbari Teona Yeristavi, mazkur yo‘nalish mutaxassisi Kristin Tordiya, shuningdek, The Bank of New York Mellon bankining korrespondentlik tarmog‘ini boshqarish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Brayan Eles qatnashdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar O‘zRVBning joriy faoliyati bilan batafsil tanishtirildi. Muzokaralar davomida birja to‘g‘risida ma’lumotlarni yangilashni nazarda tutuvchi due diligence (kompleks tekshiruv) tartib-taomiliga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar birja savdolarida ishtirok etishga ruxsat berish va ishtirokchilarni tekshirish (KYC) tartiblari, savdo jarayonidagi operatsiyalar monitoringi, kliring va hisob-kitoblar, risklarni boshqarish, shuningdek, axborot xavfsizligi va birja faoliyatining uzluksizligini ta’minlash masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarda davlat qimmatli qog‘ozlari bozori sohasidagi hamkorlik masalalari alohida o‘rin tutdi. Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalar doirasida The Bank of New York Mellon va uning mijozlari bilan hamkorlik qilishning ehtimoliy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv konstruktiv va ochiq ruhda o‘tib, tomonlarning sheriklik aloqalarini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini yaqqol namoyon etdi hamda xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va O‘zRVBning xorijiy moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha muhim muloqot maydoniga aylandi.





