Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
08.09.2026
Raiffeisen Bank International AG O‘zRVBda davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha bitimlar tuzishni boshladi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasining savdo platformasida Raiffeisen Bank International AG (RBI) davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni amalga oshirishga kirishdi. Mazkur operatsiyalar yetakchi xalqaro banklardan birini O‘zbekiston moliya bozori infratuzilmasiga integratsiya qilish bo‘yicha izchil amalga oshirilgan ishlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Dastlabki operatsiya xalqaro moliya institutlarining davlat qimmatli qog‘ozlari milliy bozoriga kirishi uchun yaratilgan mexanizm amalda ishlashini ko‘rsatdi. Bu jarayon regulyator tomonidan ruxsat berish va zarur hisobvaraqalarni ochishdan tortib, bitimlarni savdo, operatsion, hisob-kitob, kliring va hisobga olish jihatidan qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
RBIning O‘zbekiston uyushgan moliya bozorida faoliyat boshlashiga qator idoralararo va institutsional chora-tadbirlar zamin yaratdi. Jumladan, 2025-yil dekabr oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Raiffeisen Bank International AGni kapital bozori sohasidagi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.
So‘ngra RBI uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida milliy va xorijiy valyutalarda vakillik hisobvaraqlari ochildi. Shuningdek, RBI va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi o‘rtasida korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish hamda tegishli hisobvaraq ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Keyingi bosqichda mahalliy bozorda operatsiyalarni amalga oshirish modeli shakllantirildi. 2026-yil iyun oyida Raiffeisen Bank International Kapitalbankni davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi agenti sifatida tanladi. Hamkorlik doirasida Kapitalbank RBIning davlat qimmatli qog‘ozlari va boshqa moliyaviy instrumentlar bilan operatsiyalarini savdo va operatsion jihatdan ta’minlaydi.
O‘zRVBda birinchi bitimning amalga oshirilishi tayyorgarlik ishlarining amaliy yakuni bo‘lib, institutsional va texnik shart-sharoitlarni yaratish bosqichidan xalqaro bankning O‘zbekiston davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida xorijiy nominal saqlovchi sifatida bevosita ishtirok etishiga o‘tilganini anglatadi.
Mazkur tashabbus milliy kapital bozorini rivojlantirish, uning xalqaro moliya tizimi bilan o‘zaro integratsiyasini kuchaytirish va xorijiy investorlar uchun bozor infratuzilmasining ochiqligini oshirishga qaratilgan strategik ishlar bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilmoqda.
Xalqaro banklar va institutsional investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi ishtirokini kengaytirish investorlar tarkibini diversifikatsiya qilish, ikkilamchi bozordagi savdo faolligini oshirish va moliyaviy instrumentlar likvidligini kuchaytirish uchun muhim omil hisoblanadi.
Kelgusida xalqaro ishtirokning kengayishi xorijiy kapital oqimini oshirish, milliy valyutadagi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish hamda iqtisodiyot uchun barqaror va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
O‘zRVB nuqtayi nazaridan, RBI ishtirokidagi mazkur bitim birja infratuzilmasining xalqaro moliya institutlari bilan operatsiyalarni samarali tashkil etishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Bu esa xorijiy investorlar doirasini yanada kengaytirish va O‘zbekiston moliya bozorining xalqaro investitsiya jarayonlariga integratsiyalashuvini jadallashtirish uchun muhim asos yaratadi.
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi savdo infratuzilmasini takomillashtirish, xalqaro standartlar va zamonaviy bozor amaliyotlarini joriy etish, shuningdek investorlarning O‘zbekiston moliya bozori instrumentlariga ishonchli, shaffof va samarali kirishini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
Ma’lumot uchun: Raiffeisen Bank International AG — Markaziy va Sharqiy Yevropaning yetakchi bank guruhlaridan biri. Bank xalqaro va korporativ mijozlarga, institutsional investorlar hamda aktivlarni boshqarish kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, investitsiya bankingi, kapital bozorlari va kastodial xizmatlar yo‘nalishlarida ham faoliyat yuritadi.





