Valyuta kurslari:

O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:

1 USD = UZS ()


30.06.2026

Dealers Meet Up by UZCE: O‘zRVBning savdo ishtirokchilari professional hamjamiyati uchun yangi ekspert platformasi

“O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ tomonidan ilk Dealers Meet Up by UZCE tashkil etildi. Ushbu yangi ekspert platformasi savdo ishtirokchilari o‘rtasida professional hamkorlikni mustahkamlash, moliya bozoridagi dolzarb tendensiyalarni muhokama qilish hamda yangi birja instrumentlarini amaliy jihatdan o‘zlashtirishga qaratilgan.
Birinchi uchrashuv O‘zRVB a’zosi bo‘lgan banklarning 35 nafardan ortiq vakillarini qamrab oldi. Ular qatorida birja bozorlarining faol ishtirokchilari — TIF Milliy banki, Kapitalbank, Octobank, O‘zsanoatqurilishbank, Asia Alliance Bank va boshqa tijorat banklar vakillari ham qatnashdi.

Uchrashuvning birinchi sessiyasi davomida ishtirokchilarga «O‘zRVB valyuta bozori savdolarida zamonaviy yondashuvlar va amaliy jihatlar» mavzusi taqdim etildi. Mazkur mavzu doirasida asosiy e’tibor valyuta bozori faoliyatining muhim jihatlariga, jumladan, valyuta kursini shakllantirish mexanizmlari, market-meykerlar faolligini oshirish, shuningdek, birja savdolari likvidligi va samaradorligini ta’minlashda tijorat banklarining ortib borayotgan roliga qaratildi.

Xorijiy valyutani sotib olish va sotish bo‘yicha savdo strategiyalarini tanlashda tijorat banklarining mustaqilligi amaliy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Xususan, bugungi sharoitda savdo ishtirokchilari nafaqat bozor konyunkturasiga tezkor munosabat bildirishi, balki talab, taklif, likvidlik darajasi va joriy bozor kutilmalarini inobatga olgan holda asosli qarorlar qabul qilib, narx shakllanishi jarayonida yanada faol ishtirok etishi lozimligi qayd etildi.


Sessiya doirasida valyuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari, shu jumladan, buyurtmalarni kiritish va ijro etish tartiboti, bitim tuzish uchun qulay vaqtni tanlash, joriy talab va taklifni baholash, shuningdek, savdo ishtirokchilarining harakatlari bozor kursining shakllanishiga ta’siri ham ko‘rib chiqildi.

Tijorat banklari xorijiy valyutani sotib olish va sotish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda nafaqat bozordagi joriy holatni, balki likvidlik bo‘yicha ehtiyojlari, mijozlar buyurtmalari hamda bozor konyunkturasida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni ham hisobga olishi zarurligi alohida qayd etildi. Banklarning savdolarda yanada faol ishtirok etishi valyuta bozori likvidligini oshirishga, savdolar shaffofligini ta’minlashga hamda bozor kursining yanada samarali shakllanishiga xizmat qiladi.

Uchrashuvning ikkinchi sessiyasi «O‘zRVBda yangi turdagi REPO operatsiyalari: imkoniyatlar va dolzarb masalalar» mavzusiga bag‘ishlandi. Qatnashchilar O‘zRVBda yaqin kunlarda yangi instrument — Reverse REPO (teskari REPO)ni joriy etish rejalashtirilayotgani, uning asosiy xususiyatlari, savdo ishtirokchilari uchun afzalliklari va uni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari haqida xabardor qilindi.

Tadbirning amaliy qismi Hands-on Session formatida tashkil etildi. Unda ishtirokchilar real birja operatsiyalariga yaqinlashtirilgan amaliy topshiriqlarni bajarib, olingan bilimlarni mustahkamlash, yangi funksionalning ayrim elementlarini sinovdan o‘tkazish hamda yuzaga kelgan savollar bo‘yicha birja mutaxassislaridan maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ishtirokchilar birja instrumentlaridan foydalanishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar hamda O‘zRVB xizmatlari va infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni bildirdilar.

Dealers Meet Up by UZCE loyihasining yo‘lga qo‘yilishi O‘zRVbning savdo ishtirokchilari bilan ochiq va konstruktiv hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur format ekspert ma’ruzalari, amaliy mashg‘ulotlar va bozor ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni o‘zida mujassam etgan holda, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda mamlakatda zamonaviy birja infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarni baham ko'ring

Matbuot markazining aloqalari

Butun matnni nusxalash