Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
03.05.2024
MILLIY KLIRING MАRKАZI FАOLIYATINI YO‘LGА QO‘YISH DOIRАSIDА АMАLGА OSHIRILGАN ISHLАR TO‘G‘RISIDА MА’LUMOT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 291-son qaroriga asosan “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyati taʼsischiligida “Milliy kliring markazi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. 
Milliy kliring markazi markazlashgan kliringni amalga oshiradi, Markaziy kontragent funksiyasini bajaradi hamda hisob-kitob banki sifatida o‘z faoliyatini yuritadi.
Kliringni amalga oshirish deyilganda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kliring qatnashchilarining o‘zaro talab-majburiyatlarini aniqlash va aniqlashtirish hamda xisobga olish tushuniladi.
Markaziy kontragent esa moliya bozorida tuzilgan har bir bitimlar bo‘yicha xaridor uchun sotuvchi va sotuvchi uchun xaridor vazifasini bajaradigan moliya tashkilotidir. Uning asosiy maqsadi bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik xavfi, yaʼni kredit riskini kamaytirish, yuzaga keluvchi defolt holatlarini boshqarish orqali tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar yakunlanishini kafolatlash hamda netting qilish orqali kliring ishtirokchilarining tranzaksion xarajatlarni kamaytirishdir. 
Shuningdek, mazkur qaror bilan 2024-yil 1-mayga qadar Milliy kliring markaziga hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Markaziy bankda vakillik hisobvarag‘i ochilishi belgilangan bo‘lib, uning ijrosini taʼminlash doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Milliy kliring markazi tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisob-kitob banki sifatida funksiyalarini bajarishi uchun Markaziy bankda so‘mda vakillik hisobraqami ochildi.
- “Milliy kliring markazi” faoliyatining asosiy jihatlarini inobatga olgan holda O‘zbekiston respublikasi valyuta birjasining dasturchilari tomonidan RoBUST avtomatlashtirilgan bank tizimi ishlab chiqildi va Markaziy bankning telekommunikatsiya tarmog‘iga hamda banklararo to‘lov tizimiga (RTGS) ulandi.
- Milliy kliring markazining Markaziy kontragent sifatidagi funksiyasini sifatli amalga oshirish, kliring tizimiga mijozlarning ishonchini oshirish, kapital bozorida tuzilgan bitimlarning ijrosi barqarorligini taʼminlash hamda defolt holatlari taʼsirini yumshatish maqsadida kafolat fondi tashkil etildi.
Bundan tashqari, Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida hisob-kitoblarni «T+2» rejimida joriy qilish hamda qimmatli qog‘ozlar va pul mablag‘larini oldindan deponentga qo‘yish talablarini bekor qilish orqali kliringning yangi modelini joriy qilishni nazarda tutadigan normativ-hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, moliyaviy bozorning jozibadorligini, shaffofligini oshirib, jahon standartlariga muvofiqlashtirish orqali xorijiy investorlarni jalb qilishga hamda ularga yanada qulay sharoitlar yaratilishiga o‘z xissasini qo‘shadi.





