Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
13.09.2023
Markaziy Osiyo birjalari hamkorlikni rivojlantirishda davom etmoqda
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi Bosh direktori Rashid Usmanov Qirg‘iziston fond birjasi (QFB) rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. QFB delegatsiyasi Direktorlar kengashi raisi Tilek Eraliev, Direktorlar kengashi a’zosi Meerim Asqarbekova, QFB Prezidenti Medet Nazaraliev, shuningdek vitse-prezident Aida Chodulovadan iborat tarkibda ishtirok etdi.
Kun tartibida - ikki mintaqaviy moliya institutlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash masalasi bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zRVB va QFB o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, valyuta bozori va davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, savdo va dasturiy komplekslarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zRVB rahbari birjaning rivojlanish tarixi haqida qisqacha ma’lumot berib, uchrashuv qatnashchilarini in-house Rhombus platformasining funksional imkoniyatlari va modullari bilan tanishtirdi. O‘zRVB mutaxassislari QFB vakillari uchun platformalar ishlashi, ular xizmat ko‘rsatadigan bozorlar, amalga oshiriladigan operatsiyalar turlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazib, boshqa shu kabi platformalarga nisbatan O‘zRVB platformalarining afzalliklari haqida so‘zlab berdilar.
Uchrashuv davomida REPO bozori, markaziy kontragent faoliyati hamda “one-click” tizimining ishlashiga alohida e’tibor qaratildi. QFB vakillari, ayniqsa, davlat obligatsiyalari bozori va O‘zRVB bozorlaridagi market-meykerlarning faoliyatiga qiziqish bildirdi.
Mehmonlar O‘zRVB tomonidan birja infratuzilmasini takomillashtirish, savdo-kliring va depozitariy tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yuqori baholab, ushbu sohada O‘zRVB tajribasini joriy etishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida QFB rahbari O‘zRVB va QFB o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga ishonch bildirdi. Tomonlar mintaqadagi moliya bozorlarini barqaror rivojlantirish manfaati yo‘lidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.





