Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
05.11.2024
Butunjahon jamg‘arish kuni: O‘zRVB yosh avlodni moliya olamiga jalb etmoqda
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) tomonidan O‘zbekiston Markaziy banki bilan hamkorlikda Respublika Bolalar kutubxonasida Butunjahon jamg‘arish kuni munosabati bilan o‘quv tadbiri o‘tkazildi. Uchrashuv maqsadi — bolalarga moliyaviy savodxonlik asoslarini o‘rgatish hamda pul mablag‘larini rejalashtirish va oqilona boshqarishning ahamiyatini tushuntirish.
Tadbirda qatnashgan maktab o‘quvchilari va o‘smirlar uchun O‘zRVB xodimi Adham Asqarov taqdimot o‘tkazib, shaxsiy mablag‘larni boshqarishning asosiy tamoyillari to‘g‘risida tushunarli va qiziqarli tarzda so‘zlab berdi. Bolalar jamg‘arish nimaligini, mablag‘larni oqilona boshqarishda nima muhimligini va yoshlikdan o‘z byudjetini qanday shakllantirish mumkinligini o‘rgandilar.
Taqdimotda A.Asqarov hohish va ehtiyojni farqlash qanchalik muhimligi, moliyaviy rejalashtirish kelajakda maqsadlarga erishishda qanday yordam berishini tushuntirdi. U hayotiy misollar va yorqin illyustratsiyalar yordamida oz-ozdan, lekin muntazam ravishda jamg‘arish vaqt o‘tib sezilarli natija berishi mumkinligini ko‘rsatdi. Taqdimot davomida cho‘ntak pullarini boshqarish va keraksiz xarajatlardan yiroq bo‘lish bo‘yicha amaliy maslahatlar berilib, bu moliyaviy mustaqillik yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Asosiy mavzudan tashqari, A.Asqarov turli mamlakatlar birjalari faoliyati, xususan, O‘zRVB haqida so‘zlab berdi, shuningdek, bolalarda qiziqish uyg‘otgan moliyaviy mavzuga oid savollarga javob berdi.
O‘zRVB va O‘zbekiston Markaziy banki tashabbusi bolalar va ularning ota-onalari tomonidan ijobiy baholanib, bunday tadbirlar yoshlarda moliyaviy bilimlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.





