Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
27.02.2026
“Valyuta bozoridagi tendensiyalar va almashuv kursi” mavzusida to‘qimachilik sohasidagi eksportyor korxonalar bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2026-yil 26-fevral kuni Valyuta bozoridagi tendensiyalar va almashuv kursi bo‘yicha to‘qimachilik sohasidagi eksportyor korxonalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda ichki valyuta bozorining joriy holati, shu jumladan almashuv kursining dinamikasi va ta’sir ko‘rsatuvchi omillar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, ichki valyuta bozorida talab va taklif muvozanati, bozor tamoyillari, eksport-import operatsiyalari dinamikasi, bozor ishtirokchilarining kurs shakllanishidagi roli, almashinuv kursi tebranuvchanligining iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni kabi dolzarb mavzularga to‘xtanildi.
Shu bilan birga, Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar barqarorligini ta’minlashdan iborat ekanligi va valyuta kursinining ma’lum darajasini belgilash yoki uning fundamental trendiga ta’sir ko‘rsatish maqsad qilinmaganligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbirda O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) Bosh direktori Rashid Usmanov ishtirok etib, valyuta va derivativlar bo‘yicha savdo mexanizmlari, birja savdo ishtirokchilari uchun yaratilayotgan qulay va shaffof sharoitlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, uchrashuv kun tartibidagi yana bir masala – “Ichki valyuta bozorini takomillashtirish va almashuv kursi shakllanishida tijorat banklari rolini oshirish” mavzusida panel muhokamasi o‘tkazildi.
Muhokamada tijorat banklarining ichki valyuta bozoridagi ishtiroki, market-meykerlik institutini rivojlantirish, bozor infratuzilmasini takomillashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda valyuta xatarlarini boshqarish tizimini rivojlantirish, xususan, xedjirlash instrumentlarini joriy etish va hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) bozorini tartibga solish to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida eksport qiluvchi korxonalar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar olish bilan birga, dolzarb muammolarni ko‘tarish hamda amaliy taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.





