Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
06.02.2026
Chexiyadagi xalqaro seminar: O‘zRVB xodimlari Yevropa Ittifoqi moliya bozorlari bilan tanishdi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) vakillari Praga shahrida (Chexiya Respublikasi) Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti tomonidan Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi valyuta, pul, davlat qimmatli qog‘ozlari hamda muddatli bitimlar bozorlarida zamonaviy faoliyat yuritish mexanizmlari mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda ishtirok etdilar.

Dastur doirasida Birja savdolari boshqarmasi boshlig‘i X. Tabibov va Hisob-kitob-kliring palatasi rahbari S. Yakubova Yevropa Ittifoqi hamda Chexiya valyuta bozorining tuzilishi, zamonaviy savdo modellari, likvidlikni ta’minlashda market-meykerlarning o‘rni, shuningdek, kliring va hisob-kitoblar amaliyoti bilan tanishdilar. Seminar davomida valyuta bozori instrumentlari — spot, forvard, svop operatsiyalari hamda Bloomberg FXGO, Reuters Dealing va EBS kabi savdo platformalari faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.


Shuningdek, seminar sessiyalari davomida muddatli bozor va hosilaviy moliyaviy vositalarga, jumladan fyucherslar, opsionlar, foiz va valyuta svoplarini o‘z ichiga olgan mavzular muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilari valyuta va foiz xatarlarini xejlash, likvidlikni boshqarish hamda moliya bozorlarida stress-ssenariylarni qo‘llash bo‘yicha Yevropa tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
Seminar davomida O‘zRVB xodimlari Chexiya pul bozorining o‘ziga xos jihatlari, REPO operatsiyalari va banklararo kreditlash mexanizmlari, shuningdek Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatini amalga oshirish amaliyoti bilan tanishdilar. Davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida auksionlarni o‘tkazish tartibi, ikkilamchi bozorning ishlash mexanizmi hamda market-meykerlar faoliyati masalalari keng yoritildi.


Dastur doirasida ishtirokchilar Chexiya banklariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan amalda tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ta’lim kursi yakunida barcha ishtirokchilarga Yevropa amaliy fanlar va menejment institutining sertifikatlari topshirildi.
O‘zRVB xodimlarining mazkur xalqaro seminarda ishtirok etishi O‘zbekiston Respublikasining moliyaviy infratuzilmasi va kapital bozorini yanada rivojlantirish maqsadida ilg‘or Yevropa tajribasini o‘rganishda muhim qadam bo‘ldi.





