Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
16.01.2026
O‘zRVBda OAV vakillari bilan COFFEE & TALK uchrashuvi o‘tkazildi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB)da ommaviy axborot vositalari vakillari va Bosh direktor R.R.Usmanov ishtirokida Coffee & talk formatida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir mediajamoatchilik bilan ochiq va tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, birja faoliyatida shaffoflikni oshirish hamda valyuta bozorining amal qilish mexanizmlari bo‘yicha tushunchalar berish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv norasmiy, biroq professional muhitda o‘tdi va ikki qismdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning birinchi qismi doirasida O‘zRVB rahbari birjaning joriy faoliyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. U o‘z ma’ruzasida birja savdolari qanday tashkil etilishi va o‘tkazilishi, bozor ishtirokchilari uchun bugungi kunda mavjud bo‘lgan moliyaviy instrumentlar, shuningdek xorijiy valyutalar kursi shakllanishing asosiy tamoyillari haqida so‘z yuritdi.
Ma’ruza davomida ta’kidlanganidek, O‘zRVBning o‘z mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va rivojlantirib borilayotgan zamonaviy birja infratuzilmasi savdolarni o‘tkazish, bitimlarni qayta ishlash va kliringni amalga oshirish, market data ma’lumotlarini uzatish, shuningdek tahliliy mahsulotlarni shakllantirishni ta’minlaydi. Infratuzilmani rivojlantirishga nisbatan kompleks yondashuv bozor va savdo ishtirokchilari talablariga javob beradigan barqaror hamda shaffof jarayonlarni shakllantirish imkonini beradi.
Kliring va hisob-kitob masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kliring xavf-xatarlarni kamaytirish, savdo jarayonlarining barqarorligini ta’minlash va bozor infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
O‘zRVBni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida davlat qimmatli qog‘ozlari bozori indekslarini joriy etish, birja segmentlarining umumiy holatini aks ettiruvchi kompozit indeksni shakllantirish, shuningdek market data va tahliliy mahsulotlarni yanada rivojlantirish va keng tarqatish belgilandi. Ushbu instrumentlar bozor ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalarining xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek bozor jarayonlarini tahlil qilishda obyektiv va tizimli ko‘rsatkichlarga tayanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Taqdimot yakunida savol-javob sessiyasi o‘tkazilib, unda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan bildirilgan savollarga Birja rahbari tomonidan bevosita batafsil va atroflicha izohlar berildi.
Uchrashuvning ikkinchi qismi doirasida O‘zRVB mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan Rhombus valyuta savdolari savdo platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot chog‘ida platformaning funksional imkoniyatlari, ichki tuzilishi, ishlash mexanizmi hamda savdo operatsiyalarini real vaqt rejimida amalga oshirish jarayoni batafsil yoritildi.
Birja mexanizmlarining amaliy jihatlarini yanada yaxshiroq tushunish maqsadida ishtirokchilar uchun simulyatsion savdolar tashkil etildi. Ushbu jarayon doirasida jurnalistlar Rhombus savdo platformasining simulyatorida treyder sifatida ishtirok etib, birja operatsiyalarini amalga oshirish orqali savdo jarayonlarining ichki ishlash tamoyillari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv yakunida mazkur turdagi tadbirlar O‘zbekiston respublika valyuta birjasining rivojlanish strategiyasida muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Shu bilan birga, kelgusida Birja ommaviy axborot vositalari va ekspertlar jamoatchiligi bilan o‘zaro hamkorlikda bunday uchrashuvlarni tizimli ravishda o‘tkazish orqali moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish hamda moliya bozori infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan ishlarini davom ettirish ko‘zda tutiladi.





