Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
28.11.2025
Yangi yondashuvlar va yechimlar: O‘zRVBning Markaziy bank ekspert maydonchasidagi pozitsiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida inflyatsion targetlash rejimi doirasida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir valyuta bozoridagi asosiy tendensiyalarni muhokama qilish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Muhokamada Markaziy bank vakillari, xalqaro moliya tashkilotlari va yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, valyuta bozori va umuman moliya tizimining barqarorligi hamda shaffofligini ta’minlashga oid zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi Bosh direktori davra suhbatida ishtirok etib, so‘nggi yillarda birja valyuta bozori muhim o‘zgarishlarni boshdan kechirganini ta’kidladi. Pul mablag‘larini oldindan deponentlash talabi bekor qilinishi, valyuta derivativlari savdosi rivojlanishi hamda market-meykerlar instituti shakllanishi bozorning likvidligini sezilarli darajada oshirib, unga katta moslashuvchanlik va chuqurlik bag‘ishladi.
O‘zRVB rahbari zamonaviy moliya bozori infratuzilmasining eng muhim elementi hisoblangan markaziy kontragentni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratib, Markaziy kontragentning joriy etilishi shunchaki texnik islohot emasligini, balki bozorni rivojlantirishning samarali bosqichi ekanligini ta’kidladi. Markaziy kontragent markazlashgan tarzda risklarni boshqarishni ta’minlagan holda, hisob-kitoblarning samardorligini va bozorni tashqi zarbalarga nisbatan bardoshligini oshiradi. Bunday modelning samarali ishlashi nafaqat ishonchli texnologik platformani, balki barcha ishtirokchilardan risklarni boshqarish madaniyatini talab etadi.
Tadbir davomida markaziy kontragentni ishga tushirish natijasida derivativlar bozorining yanada rivojlanishi, banklar va kompaniyalar uchun risklarni kamaytirish imkoniyatlarining kengayishi hamda xalqaro investorlarning qiziqishi ortishi uchun zamin yaratilganligi ta’kidlandi. Zamonaviy kliring infratuzilmasining yaratilishi bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, yanada chuqur hamda likvidli moliya bozorning shakllanishiga hissa qo‘shadi.
Mazkur xalqaro anjuman soha mutaxassislarining professional qarashlari bilan almashishi va moliyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi hamda O‘zbekiston valyuta bozorining yanada zamonaviy, texnologik va samarali model tomon harakatlanayotganini tasdiqladi. Izchil islohotlar, innovatsion instrumentlarni joriy etish va infratuzilmani rivojlantirish yangi, ochiq, barqaror va istiqbolli rivojlanishga intilgan tizimni barpo etish uchun poydevor yaratmoqda.





