Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
24.07.2025
O‘zRVBda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining korporativ obligatsiyalari bilan REPO sinov savdolari o‘tkazildi
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) platformasida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining korporativ obligatsiyalari bilan REPO bitimlari bo‘yicha sinov savdolar amalga oshirildi. Ushbu yangi moliyaviy instrument O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini amalga oshirish doirasida joriy etildi.

Prezident farmonida nimalar ko‘zda tutilgan?
Yuqoridagi Prezident farmoni uy-joy qurilishini moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish va zamonaviy ipoteka qimmatli qog‘ozlari bozorini shakllantirishga qaratilgan. Hujjat bilan quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- O‘zRVB platformasi orqali Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida ipoteka obligatsiyalari, shuningdek, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari bilan REPO operatsiyalarini o‘tkazish;
- “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ huzurida ipoteka obligatsiyalarini chiqarishga ixtisoslashtirilgan maxsus vakolatli tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- ipoteka obligatsiyalarini chiqarish amaliyotini tartibga solishni nazarda tutuvchi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimini joriy etish;
- ipoteka kreditlari to‘plami bilan ta’minlangan va yuqori likvidli aktivlar sifatida tan olinadigan ipoteka obligatsiyalarini chiqarish.
Ushbu chora-tadbirlar ipoteka kreditlariga ko‘proq investitsiyalarni jalb qilish, banklarning xavf-xatarlarini kamaytirish va uy-joy sotib olishni barcha fuqarolar uchun yanada qulay qilishga qaratilgan.
O‘zRVBning roli
Farmonga asosan, “Tartibga solish qumdoni” doirasida Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari bilan REPO operatsiyalarini O‘zRVB platformasida o‘tkazishga ruxsat berildi.
Shu tariqa, O‘zRVB ishtirokchilarga ipoteka obligatsiyalari garovi ostida vaqtinchalik likvidlikni jalb qilish imkonini beruvchi operatsiyalarni o‘tkazish uchun asosiy infratuzilma platformasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ilk natijalar
Infratuzilmaning tayyorligini tekshirish va yangi mexanizmlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida O‘zRVB platformasida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari bilan REPO bitimlari bo‘yicha sinov savdolari o‘tkazildi. Mazkur savdolar moliya bozorining yangi ipoteka instrumentlarini joriy etishga tayyorligini amalda tasdiqladi.
Investorlar uchun qo‘shimcha motivatsiya
Farmonda investorlar uchun jozibador sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning 2030-yil 1-yanvargacha chiqarilgan O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari bo‘yicha olingan daromadlari, qimmatli qog‘ozlarning butun muomala davri davomida foyda solig‘idan ozod etildi. Bunda, mazkur imtiyoz ushbu obligatsiyalarning butun muomala davri mobaynida olingan barcha daromadlarga tatbiq etiladi.
Ushbu soliq imtiyozi moliyaviy instrumentning daromadliligini oshirish va bozordagi talabni rag‘batlantirishga imkon yaratadi.
Xulosa
O‘zRVB pratformasida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiyalari bilan o‘tkazilgan REPO sinov savdolari moliya bozorini rivojlantirish, investitsiyalashning yangi instrumentlarini yaratish va uy-joy qurilishini qo‘llab-quvvatlash vazifasini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. O‘zRVB bundan keyin ham yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va ularning samarali muomalada bo‘lishi uchun infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishda davom etadi.





