Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
02.04.2025
O‘zRVBning 2024-yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati yakunlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zRVB Faoliyatini huquqiy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Xudoyberdiyevning brifingi bo‘lib o‘tadi.Brifing matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi siyosat samarali korporativ boshqaruvning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. 2024-yilda "O‘zbekiston respublika valyuta birjasi" aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatining barcha bo‘g‘inlarida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish bo‘yicha tizimli yondashuvni namoyish etdi.
Tizimli yondashuv va normativ-huquqiy baza
2024-yilda O‘zRVBda “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”da tasdiqlandi va unga ko‘ra tegishli tadbirlar amalga oshirildi. Ular qatorida xodimlarni odob-axloq qoidalari va korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati bo‘yicha o‘qitish dasturi ham o‘rin tutgan. O‘tkazilgan tadbirlarning ijrosi bo‘yicha muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organiga hisobotlar taqdim etildi, bu esa, amalga oshirilayotgan ishlarning shaffofligi va hisobdorligidan dalolat beradi.
Shuningdek, 2024-yilda normativ-huquqiy bazani shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, ISO 37001:2016 xalqaro standarti va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tavsiyalariga muvofiq 13 ta ichki hujjat tasdiqlandi. Ular orasida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, xavf-xatarlarni baholash metodologiyasi, korrupsiyaviy harakatlar haqida xabar berish tartibi, odob-axloq kodeksi, kontragentlar va ishga nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnomalar va boshqalar o‘rin olgan.
Xavflarni nazorat qilish va qonunchilikka rioya etish
2024-yilda birja faoliyatining barcha yo‘nalishlari chuqur tahlil etildi. O‘zRVB Ustavida belgilangan barcha xizmat turlari va vazifalar korrupsiya xavfi past bo‘lgan sohalar sifatida baholandi. Xodimlar bilan o‘tkazilgan tushuntirish ishlari davomida ehtimoliy zaifliklarni aniqlash va ichki nazorat choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zRVBda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuninining ijrosini ta’minlashga qaratilgan dastur joriy etilgan. Mazkur tadbirlar doirasida xodimlarning 57 ta arizasi tekshiruvdan o‘tkazildi.
Shuningdek, 11 nafar nomzod muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, ishga qabul qilindi.
Tashqi va ichki o‘zaro aloqalarni nazorat qilish
Xo‘jalik va mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi majburiy qoidalar kiritildi. Unga ko‘ra, xodimlar nafaqat korrupsion xatti-harakatlarning har qanday ko‘rinishlaridan o‘zini tiyishi, balki hamkasblari yoki uchinchi shaxslar tomonidan qoidabuzarliklarga urinishlar haqida xabar berishi shart.
Shuningdek, davlat xaridlari tartib-taoimillaridan kelib chiqib, 36 ta hamkor tashkilot tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning barchasi bo‘yicha ijobiy xulosalar berilgan va natijalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus reyestrga kiritilgan.
O‘qitish va xabardorlikni oshirish
O‘zRVBning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining asosiy tarkibiy qismlaridan biri — tizimli o‘qitishdir. Yil davomida xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida 11 ta seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Bunda, manfaatlar to‘qnashuvi, odob-axloq va huquqiy ongni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xodimlar edu.proacademy.uz platformasida onlayn o‘qitilib, sertifikatlar olindi.
Qo‘shimcha ravishda Adliya vazirligi platformasi orqali korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qonun hujjatlarini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlari tashkil etildi.
O‘zRVBning rasmiy veb-saytida Bosh direktorning xodimlar va jamoatchilikni korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishga da’vat etuvchi murojaati joylashtirilgan.
Shaffoflik va nazorat
Shaffoflikni ta’minlash maqsadida ehtimoliy korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun to‘rtta kanal — elektron pochta, Telegram-bot, ishonch telefoni, shuningdek, Birjaning rasmiy veb-saytidagi murojaatning maxsus shakli faoliyat yuritmoqda.
2024-yilda mazkur kanallar orqali korrupsiya yoki manfaatlar to‘qnashuvi haqida birorta xabar kelib tushmadi. Shuningdek, ishga qabul qilish va davlat xaridlari jarayonlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlanmadi.
2025-yilda O‘zRVB korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ymoqda:
- korrupsiyaga qarshi kurashishga oid barcha ichki hujjatlarning samarali ijrosini ta’minlash;
- korrupsiyaga nisbatan murosasizlik korporativ madaniyatini mustahkamlash;
- xodimlarni muntazam ravishda o‘qitish va ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish;
- huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ko‘rgazmali materiallar yaratish;
- tizimli monitoring va hisobdorlikni yo‘lga qo‘yish.
Xulosa
O‘zRVB tajribasi shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat qonunchilikka rioya qilish, balki hamkorlar, savdo ishtirokchilari va umuman jamiyat ishonchini shakllantiruvchi strategik ustuvor yo‘nalishdir.
Shaffoflik, tizimlilik va doimiy takomillashishga intilish O‘zRVBning korrupsiyaga qarshi siyosatini halol va samarali faoliyatni ta’minlashda ta’sirchan vositaga aylantiradi.





