Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
27.11.2024
O‘zRVB ma’lumotlari endi Bloomberg terminalida joylashtirilmoqda
O‘zbekiston respublika valyuta birjasi o‘zining bozor ma’lumotlari endi Bloomberg terminalida taqdim etilayotgani haqida e’lon qiladi. Endilikda Bloomberg mijozlari {OTC UZS<GO>} havolasi orqali O‘zbekistonning valyuta va pul bozorlari, shuningdek, davlat qimmatli qog‘ozlari hamda derivativlar bozorlaridagi narxlar va ko‘rsatkichlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zRVB ishtirokchilari 35 ta mahalliy tijorat banki, 6 ta brokerlik kompaniyasi va 1 ta xorijiy kastodian bankdan iborat. Birja O‘zbekiston moliya bozorida yetakchi o‘rin tutib, likvidlikni jalb qilish uchun asosiy platforma hisoblanadi. Birjaning turli bozor segmentlarida 20 ga yaqin instrumentlar bo‘yicha savdolar tashkil etilgan bo‘lib, 2023-yilda savdolarning umumiy hajmi 81 milliard AQSH dollariga yetdi.
Bloomberg terminalida O‘zRVB ma’lumotlarining mavjudligi chet el investorlariga O‘zbekiston moliya bozorini chuqurroq tushunish va undagi tendensiyalarni tahlil qilish imkoniyatini beradi. Bu esa yanada asosli investitsiya qarorlarini qabul qilishga yordam beradi va xatarlarni baholashni osonlashtiradi.
O‘zRVB bosh direktori Rashid Usmonov:
“Bloomberg bilan mazkur hamkorlik global bozorlar ishtirokchilariga birjaning turli segmentlarida O‘zRVBning dolzarb va aniq ma’lumotlarini olishga, bu orqali o‘z aktivlarini yanada samarali boshqarishga yordam beradi. Ma’lumotlarning shaffofligi va ochiqligini oshirish bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi va likvidlilikning o‘sishini ta’minlaydi.”
Bloomberg kompaniyasining Ma’lumotlarni yuklab olish departamenti global rahbari Devid Tamburelli qo‘shimcha qildi:
“Biz Bloomberg platformasida O‘zbekiston moliya bozorlaridagi ko‘plab aktivlar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etishdan mamnunmiz. O‘zRVB bozorlarning muhim elementi hisoblanadi hamda ushbu ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligi tufayli mijozlarimiz, jumladan, butun dunyo investorlari O‘zbekistonda o‘z investitsiya g‘oyalarini samarali shakllantirishi va baholashi mumkin bo‘ldi”.
O‘zRVB ma’lumotlari Bloomberg kompaniyasining ma’lumotlar uchun litsenziyasi asosida va real vaqt rejimida bozor ma’lumotlarini uzatish B-Pipe kanali orqali kompaniya doirasida foydalanish uchun ham mavjud bo‘ladi.
O‘zRVB to‘g‘risida
O‘zRVB 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi eng yirik ko‘p funksiyali birja platformasi hisoblanadi hamda valyuta va pul bozorlari, derivativlar va davlat qimmatli qog‘ozlari bozorlarida savdolarni tashkil etish, shu jumladan, savdolardan oldin va savdolardan keyin xizmatlaridan iborat to‘liq xizmatlar majmuini taqdim etadi.
Birjaning asosiy afzalliklaridan biri bu bozorning barcha segmentlarini yagona platformada birlashtirgan integratsiyalashgan savdo tizimi hisoblanadi. Bundan tashqari, birja savdo, kliring va hisob-kitoblar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan, operatsiyalarning ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlaydigan o‘z infratuzilmasiga ega.
Yaqin kunlarda O‘zRVB sahifalarida Bloomberg terminalida O‘zRVB ma’lumotlarini translyatsiya qilishning ahamiyati haqida ekspert bilan videointervyu joylashtiriladi. Yangiliklarimizni kuzatib boring.





