Valyuta kurslari:
O‘zRVBda ochilish auksioni kursi:
1 USD = UZS ()
18.08.2023
“Mosaic Financial Ltd.” investitsiya kompaniyasi (AQSh) delegatsiyasi bilan uchrashuv
2021 yil 8 iyun kuni O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (UzRVB) rahbariyatining “Mosaic Financial Ltd.” investitsiya kompaniyasi direktori janob Robert Jensen boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Mosaic Financial Ltd.” kompaniyasining MDH va Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish bo‘limi direktori - Sergey Zamaщikov hamda “Portfolio Investments” MChJ direktori - Munir Yoqubov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv janob Jensenning “Mosaic Financial Ltd.” kompaniyasi faoliyati to‘g‘risidagi qisqacha taqdimoti bilan boshlandi.
Mazkur kompaniya 1983 yilda tashkil topgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Yuta (AQSh)da joylashgan va xalqaro moliya bozorlarida vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilish, shuningdek, moliyaviy texnologiyalarni joriy etishga ixtisoslashgan.
Uchrashuv davomida, kompaniya vakillari barcha turdagi birja operatsiyalarini, shu jumladan chet el valyutasi, qimmatli qog‘ozlar, hosilaviy moliya instrumentlari, shuningdek, kriptovalyuta bilan operatsiyalarni amalga oshirishga imkon beruvchi, blokcheyn texnologiyalarga asoslangan IT-platformaning qisqa taqdimotini o‘tkazdi.
Shuningdek, janob Jensen 2021 yil mart oyida “Mosaic Financial” MChJ chet el korxonasi O‘zbekiston Respublikasida investitsiya vositachilik va investitsiya aktivlarini ishonchli boshqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olganini ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zRVB Bosh direktori R. Usmonov O‘zRVB faoliyatining bugungi kundagi rivojlanish holati, strategik rivojlanishning uzoq muddatli rejalari, hususan, fyuchers bozorini shakllantirish va O‘zRVBda markaziy kontragentni yaratish hamda O‘zRVBda IT-yechimlar va dasturiy mahsulotlarini yanada rivojlantirish kabi masalalar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Tomonlar, texnologik platformalarni ishlab chiqish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish hamda “Mosaic Financial Ltd.” kompaniyasining O‘zRVB bozorlaridagi ishtiroki kabi o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
O‘zRVB rahbari “Mosaic Financial Ltd.” investitsiya kompaniyasining O‘zRVB bozorlarida, xususan, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida faoliyatini boshlashi uchun ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘nggida, tomonlar kelgusi uchrashuvlarda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.





